Yuksaklik sari uch qadam
Nazarimda, har bir inson o’zini uch jihatdan rivojlantirib borishi lozim:
-
Jismoniy
-
Dunyoviy
-
Ruhiy
Lekin bugungi kunda nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham mana shu muvozanatning buzilayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Buning asosiy sabablaridan biri — ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok va Instagramdagi “soxta hayot” hamda tartibsiz kontentlar girdobidir.
To’g’ri, Instagram biznesni reklama qilishda foydali vosita bo’lishi mumkin. Biroq bugun tarmoqda o’z ishining ustalaridan ko’ra, ‘yaltiroq’ hayotini ko’z-ko’z qiladiganlar ko’proqdek. Buni kuzatayotgan foydalanuvchida esa beixtiyor: “Nega unda bor-u, menda yo’q?” degan hasad va tushkunlik paydo bo’ladi. Bu esa vaqt o’tishi bilan insonni o’z hayotidan norozi bo’lib yashashga mahkum qiladi.
Tarbiya
Ilgari hayo va ibo qishloqlarimizning buzilmas qo’rg’oni edi. Bugun esa internetning salbiy to’lqini eng chekka hududlarni ham chetlab o’tmadi. Eng achinarlisi, ayrim ota-onalar “rizq topaman” deb farzandlar tarbiyasini ikkinchi darajaga tushirib qo’yishdi. Uyda yosh bolalar qo’liga smartfon berib, o’z ishi bilan ovora bo’ladigan ota-onalar ko’paydi. Natijada farzandlar erka, tantiq, asabiy va doim e’tibor talab bo’lib ulg’aymoqda.
Aslida ularni yoshligidan haddan tashqari avaylamasdan, pishirib, mustaqil fikrlaydigan va o’z prinsiplariga ega shaxs qilib tarbiyalashimiz kerak emasmi?
Ko’pincha farzand bo’ydoqlik yoki balog’at davrida ‘o’zgarib qoldi’ deymiz, aslida u rostdan ham yoshligida olgan tarbiyasini ko’rsatib, oyna bo’ladi, xolos.
Nolish
Bugun ijtimoiy tarmoq algoritmlari bizga o’zgalarning yasama baxtini ko’rsatib, shukr qilishni unuttirib qo’ymoqda. Ko’plab yoshlar “baxt” tushunchasini Instagramdagi reels videolarini ko’rib shakllantirmoqda. Natijada, turmush qurgachach, hayotdagi real vaziyatlar videolardagi “yaltiroq” sahnalarga o’xshamasligi ularni tushkunlikka tushiradi va nolishga sabab bo’ladi.
Aslida baxtga tayyor holda erishiladimi yoki u birgalikda yaratiladimi?
Hayotning past-balandini birga bosib o’tishni, qiyinchiliklarni mardonavor yengib, baxtni g’ishtma-g’isht birga qurishni istamaydiganlar ko’paymoqda. Hamma narsa muhayyo bo’lsa-yu, faqat “yashab berish” qolsa, buning nimasi qiziq? Bu juda zerikarli emasmi? Vaholanki, hayotning har bir jarayonidan zavq olish mumkin!
Xulosa o’rnida…
Biz qachon yuksalamiz? Qachonki, ijtimoiy tarmoq bizni emas, biz uni boshqarsak.Ijtimoiy tarmoqlar bizning zararimizga emas foydamizga ishlatsak.
Izohlar